18 iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov 2023/2024-o‘quv yili bakalavriat yo‘nalishlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi 4-pavilyonida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Vazirlik huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda tegishli mas’ullar tomonidan binoda abituriyentlar hamda ularning yaqinlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu pavilyon bir vaqtda 1 080 nafar abituriyentni sig‘dirish imkoniyatiga ega. Hozirgi vaqtda bino belgilangan talablarga ko‘ra tayyorlanmoqda. Xususan, abituriyentlar yakka tartibda o‘tirishlariga mo‘ljallangan alohida partalar, test jarayonlarining shaffof o‘tkazilishi uchun kuzatuv kameralari hamda to‘liq sovutish tizimlari bilan jihozlangan.