“Kimyo-texnologiya institutining 1 milliard so‘mlik laboratoriya texnika jihozlari qarovsiz yotibdi” sarlavhali postga munosabat
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialiga filialning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2022-2023 yillarga jami 2 830 000 000 so‘mlik jihozlar xarid qilish reja qilingan. Hozirda filialning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 000 000 000 (bir milliard) so‘m ilmiy ishlab chiqarish laboratoriya jihozlarini xarid qilish uchun ajratilgan.
Ushbu xaridni filial tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talabiga asosan elektron xaridga qo‘yilgan va “E-Tender” savdo platformasi orqali g‘olib topilgan MCHJ tomonidan uskuna va jihozlar to‘liq ishchi xolatdaligi davlat standartidan o‘tkazilgan. Jihozlar o‘rnatilgan xonalar Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi talablariga javob bermaganligi sababli ta’mirlash jarayonida foto suratga olingan.
Murojaatda qarovsiz holatda ekanligi iddao qilingan o‘quv labarotoriyasida hozirgi kunda rejaga muvofiq ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu laboratoriya professor o‘qituvchilarning ilmiy faoliyat olib borishi va talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun zamonaviy sharoitlar bilan foydalаnishga topshiriladi.
Maqolada keltirilgan surat va holat ancha eski bo‘lib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangier filialiga joriy yil iyul oyidagi tashrifi doirasida bu joyni texnoparkka aylantirish topshirig‘i berilgan va alohida mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, vazir topshirig‘iga ko‘ra, asbob-uskunalar maxsus g‘iloflar bilan o‘ralib, hozirda ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.