Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialiga 75 nafar ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Joriy yilning 21-avgust sanasida filialga professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish bo‘yicha suhbat jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Suhbat jarayonlarini markazlashgan tartibda va shaffof o‘tkazish uchun 10 kishidan iborat maxsus komissiya tashkil etilib, yakuniy xulosalarga ko‘ra 54 nafar talabgorlardan 37 nafarining mutaxassisliklari to‘g‘ri kelmaganligi va pedagogik faoliyatga ega bo‘lmaganligi sababli murojaatlari rad etildi.
Xususan, hozirgi kunda filialning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Guliston davlat universiteti hamda Fan va taraqqiyot Davlat unitar korxonasidan ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar jalb qilindi.
Ushbu professor-o‘qituvchilarning buyruqlari rasmiylashtirilganini va ma‘lumotlari “Hemis axborot tizimi”ga kiritilayotganini ma’lum qilamiz. Tizim esa faqatgina asosiy 1 shtatda faoliyat yurituvchi professor-o‘qituvchini statistika bo‘limida ko‘rsatadi. Masalan, 0,5 shtat birligida faoliyat yurituvchi 2 nafar professor-o‘qituvchi platformaning statistika bo‘limida 1 nafar, 0,25 shtat birligida faoliyat yurituvchi 4 nafar professor-o‘qituvchi ham platformaning statistika bo‘limida 1 nafar ilmiy darajali professor-oqituvchi sifatida ko‘rinadi.
Shuningdek, murojaatchilarning vajlari tegishli huquqni muhofaza qilish organlari, iqtisodiyot va moliya boshqarmasi hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganilib, qonun buzilishi holatlari aniqlanmadi.
Agar sizda professor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilishda korrupsiyaga oid asosli shubha yoki dalillar mavjud bo‘lsa, vakolatli organlarga yoki o‘quv bo‘limiga murojaat qilishni hamda vaziyatni tushunishga yordam beradigan ma’lumotlarni taqdim etishni so‘raymiz!
Murojaat uchun telefon: +998994823012