TKTI Yangier filialida “Vatan ostonasi” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi

Respublika «Maʼrifat» targʼibotchilar jamiyati aʼzolari, taniqli teatr aktyorlar, shoir va yozuvchilar, olim, sanʼatkorlar mahalla ahli, harbiylarning oila aʼzolari va talaba-yoshlar bilan uchrashib dildan suhbat qurishdi. Vatan posbonlari tomonidan tashkil etilgan qurol-aslahalar va harbiy texnikalar koʼrgazmasi, shuningdek, shijoatli harbiylar bajargan qoʼl jangi mashqlari namoyishi hech kimni befarq qoldirmadi.

Bunday amaliy uchrashuvlar viloyatimizdagi har bir chegara oldi hududlar, shahar va tumanlarda, yoshlar, nuroniylar ishtirokida katta uyushqoqlik, koʼtarinkilik bilan oʼtmoqda. Harbiylarga kitoblar sovgʼa qiliniyapti. Yurt tinchligi, sarxadlarimiz mustahkamligi yoʼlida oʼz oromidan kechib, tunu kun sergaklikni yoʼqotmayotgan askarlar shaʼniga sheʼrlar aytilmoqda. Ona Vatanni himoya qilishdek sharafli ishga bel bogʼlagan harbiylar va ularning turmush oʼrtoqlariga minnatdorlik bildirilib, qoʼllab-quvvatlanmoqda.

Samimiy va qiziqarli muloqotlarga boy boʼlgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʼzaro savol-javoblar, diltortar, kuy-qoʼshiq, raqslar bilan yanada fayzli kechdi.