Joriy yilning 14-20 noyabr kunlari Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori Xakimov Zafar Tulyaganovich Xitoy Xalq Respublikasiga Guychjou professional oliy ta’lim muassasasi bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yo’lga qo’yish maqsadida tashrif buyurdi. Tashrif boshlanishida filial direktori avvalo Xitoy davlatining madaniyati, qadriyatlari hamda ta’lim muassasasining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida tomonlar hamkorlikni keng ko’lamda yo’lga qo’yish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirsh, har ikkala ta’lim muassasasida til o’rgatish «Xalqaro o’quv markazi» larini hamda 2+2 qo’shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo’yicha kelishuvga erishishdi. Bundan tashqari, Xitoy hamkorlari bilan birgalikda filialda biotexnologiya, oziq-ovqat-texnologiyasi va qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo’nalishi bo’yicha texnoparkni tashkil etish masalalari kelishib olindi.

Ishonchimiz komilki, mazkur hamkorlik filialimizning xalqaro aloqalarini mustahkamlashga, talabalar hamda professor-o’qituvchilarning bilim va tajriba almashishiga, ikki mamlakatning ta’lim va ilm-fan rivojiga xizmat qiladi.