OILА – АYOL MА’NАVIYATI ILА OBOD VА NURLI

Maʼlumki, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga boʼlgan munosabati va gʼamxoʼrligi bilan belgilanadi. Xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yoʼnalishlaridan biriga aylandi.

Shavkat Mirziyoev.

Oila — sharq xalqlari, jumladan oʼzbeklar va oʼzbekistonliklar uchun doimo muqaddas makon, butun hayotiimiz davomida tayanch va suyanch boʼladigan goʼshadir. Dunyodagi, mamlakatdagi, qolaversa, mahalladagi muhit ham oilada aks etadi, desak, aslo xato boʼlmaydi. Masalan, millat genefondi va mamlakatning istiqboli demografik barqarorlikni talab etadi. Bu esa oilada va oilaning ziynati boʼlgan ayollarimizning bevosita ishtiroki bilan hal etiladi. Oila institutini mustahkamlashga, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga yurtimizda mustaqillikdan soʼng ayniqsa keyingi 7-8 yil ichida alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tashabbuslari bugan jahon hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Shu kunlarda “Oʼzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda. Davlat dasturi loyihasida beshta yoʼnalish boʼyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim boʼlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʼz aksini topgan.

Jumladan, loyihada xotin-qizlar masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilib, bu borada bir qator maqsad-vazifalar koʼzda tutilgan. Besh yoʼnalish, 100 ta maqsadni oʼz ichiga olgan Davlat dasturi loyihasi xalqimiz fikrini olish maqsadida keng muhokamadan oʼtkazilmoqda. Davlat dasturining 25-maqsadida xotin-qizlarga oid belgilangan vazifalar eʼtiborga loyiq. Xotin-qizlarning oiladagi oʼrni, ijtimoiy himoyasi hujjat loyihasida oʼz ifodasini topgan. Аyniqsa, xorijdagi xotin-qizlarimizning huquqiy manfaatlarini taʼminlash, qiyin ahvolda qolganlariga yordam koʼrsatish boʼyicha chora-tadbirlar oʼrin olganini koʼrishimiz mumkin.

Bundan tashqari, tadbirkor ayollarimizga yanada keng imkoniyatlar yaratish, hatto ularning ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini sotishgacha yordam berish masalalari Davlat dasturi loyihasida belgilab berilmoqda. Xotin-qizlarimizning salomatligini asrash borasida ham qator maqsad-vazifalar oʼz ifodasini topgan. Jarrohlik amaliyotini oʼtkazadigan 2 mingdan ortiq ayollarimizni sogʼlomlashtirish choralarini koʼrish, 10 mingdan ziyod nogironligi boʼlgan xotin-qizlar va ularning farzandlariga ortopedik vositalarni yetkazib berish masalalari belgilangani eʼtiborga molik. Yana bir eʼtiborli jihati xotin-qizlarimizga oid 6 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi koʼzda tutilganidir.

Gʼarbda oila instituti poydevori darz ketib, dunyoning koʼplab rivojlangan mamlakatlarida aholining tabiiy koʼpayishi toʼxtab qolgani va bu muammo tobora keskinlashayotgani maʼlum. Mamlakatimiz esa haqli ravishda yoshlar mamlkati deb tan olingan. Bu yurtimizdagi barqarorlik, oilalardagi ertangi kunga ishonchning belgisidir. Shoir aytganidek, “dunyoda bolam deb yashaydi oʼzbek” degan kalom bizdagi muhitga, xalqimizning kayfiyatiga va mentalitetiga toʼla mos keladi.

Bizda yil oʼn ikki oy toʼylar toʼxtamaydi. Odatda, toʼylarning asosiy qismi nikox toʼylari ekanligi tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. Oila qurayotgan yoshlarning maqsadlari va orzu havaslari nihoyatda ulugʼ. Maʼlumki, yoshlar oila qurar ekan oʼzlarining istiqbolini, hayotiy strategik rejalarini ana shu muhim voqea bilan bogʼlaydi. Yosh oilalarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan siyosat esa ularning asl maqsadlariga mosdir.

Prezidentimizning koʼrsatmalari bilan yosh oilalarni ijtimoiy muhofazalashni kuchaytirish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam koʼrsatish, zamonaviy turarjoylar bilan taʼminlash masalasida har bir bankda “Yosh oilalarga – isteʼmol kreditlari” dasturi ishlab chiqilgan edi. Shunga muvofiq joylarda mustaqil hayotga endi qadam qoʼygan yoshlarga, boquvchisi boʼlmagan ayollarga manzilli ijtimoiy koʼmaklar koʼrsatilmoqda “Hayotdagi koʼplab muammolarga eng avvalo, inson xarakteridagi muayyan qusurlarga u tarbiya topgan oiladagi muhit sabab boʼladi”, deydi psixologiya fanlari nomzodi F.Toshxoʼjaeva.

Oila institutiga aloqador masalalarni atroflicha oʼrganish, oila sotsiologiyasi fanini boyitish boʼyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, bularni hisobga olmaslik mumkin emas. Shu bilan birga, ushbu masala globallashayotgan dunyoda tobora dolzarb boʼlib borayotganini ham unutmaslik kerak, degan fikrdamiz. Baʼzan oila tuzilmasi tizimida paydo boʼlayotgan muammolarni eskicha yondoshuvlar bilan yechib boʼlmasligini, unga axborotlashgan asr talablaridan turib yondoshuv lozimligini eʼtiborga olishimiz zarur. Yoshlarning hayotiy qadriyatlar ierarxiyasiga munosabati boʼyicha “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʼrganish markazi oʼtkazgan sotsiologik tadqiqot natijalariga koʼra, ularning 81 foizdan ortigʼi oilaga ustuvorlik bergani maʼlum boʼldi(2021 yilgi natija). Natija milliy mentalitetimizda oilaning roli qanday ahamiyatga egaligidan darak berib turibdi. Oilaviy qadriyatlar, oilaviy anʼanalar va ularning amal qilishi, ulardan chekinmaslik, amal qilib yashash masʼuliyati, albatta ushbu institut muammolarini yechishda asqotadi. Oila muammosini endi eskicha yondashuvlar bilan yechib boʼlmasligini tan olish kerak.

Oila instituti oʼziga ilmiy yondoshuvni talab etmoqda. Oila hayotida yuz bergan ana shu fenomenni eʼtiborga olmaslik mumkin emas. Gʼarbda oila institutining ommaviy yalpi susayishi jarayoni kuchayib borayotgan bir paytda biz uni mustahkamlash ustida bosh qotirayotganimiz yaxshi. Bunga bir qator ijtimoiy institutlar, avvalo mahalla instituti, undagi faollar, diniy-maʼrifiy ishlar boʼyicha mutasaddi onaxonlar va opa-singillar bevosita bosh-qosh boʼlayotgani ham diqqatga sazovor.

Bunda bir narsa koʼzga tashalanadiki, ota-onalar ham, mahalla ham yosh oilani qurishgacha boʼlgan bosqichda faol ishtirok etadiyu, lekin ana shu yosh oilaning eng sinovda boʼlgan dastlabki uch yilgacha davrida kam ishtirok etayotgandek. Koʼpchilik maslahatchi opaxonlar ham aynan ana shu davr eng muhim ekanligini taʼkidlashadi. Oila sotsiologiyasini oʼrgangan olimlar ana shu davrda yosh oilalar hayotida tang vaziyatlar tez-tez boʼlishini, toʼyda katta faollik bilan ishtirok qilib, tabrik soʼzlari aytgan akaxonlar, oqsoqollar shu paytda kerakli, dalda va yupatuvchi, yarashtiruvchi, murosaviy gapni, maslahatni ayta olmay qolayotganini koʼrsatmoqda. Fursat boy berilmoqda, tomonlarning dilida yashirin istaklar, ilinjlar karvoni oʼtib ketib qolmoqda. Natijada oilaviy ajrimlar kelib chiqmoqda.

Аlbatta, oila instituti bilib-bilmay har kim aralashaveradigan makon emas. Lekin shunday paytlar boʼladiki, yosh oilaning turmushiga u yoki bu tomon ota-onasining emas jamoatchilik, aytaylik mahalla oqsoqolining yoki mahalla faolining birgina xolis gapi, aralashuvi xolislik mezonidek muhim boʼlib qoladi. Mahalladagi nuroniy otaxon yoki namunali oila bekasi boʼlgan faol onaxonning maslahati vaziyatni ijobiy tomonga oʼzgartirib yuborishi mumkin. Tajribali mahalla oqsoqollari bilan qilingan suhbatlar, olib borilgan sotsiologik tadqiqotlar shundan dalolat bermoqdaki, oilada ayol maʼnaviyati oila muhitini belgilaydi.

Oila boshligʼi uyiga mehmon boshlab kelsayu, uy bekasi mehmonga eʼtiborsiz boʼlsa, bu oilaning obroʼsini va ayni paytda oila boshligʼining obroʼsini chilparchin qiladi. Аna shunday, juda milliy, mentalitetimizning durdona koʼrinishlarini namoyon etish, albatta ayolga, uy bekasiga, uydagi kelinlarimizga bogʼliqdir. Bular, afsuski, bir kunda, bir oyda shakllanmaydi, uni sabr-toqat va chidam bilan qaror toptirish kerak boʼladi. Shu maʼnoda mahallaning va undagi faollarning oilani mustahkamlashdagi va umuman ijtimoiy muhitni barqarorlashtirishdagi bevosita xolis ishtirokining, taʼsirining ahamiyati tobora oshib boryapti.

Mustaqillik yillarida xotin-qizlar hayoti, ularning ijtimoiy faolligi, ular gender tengligini kafolatlash va shu asosda ijtimoiy institutlarga ularni jalb etish keyingi 7-8 yilda jadal amalga oshirilmoqda. Shu maʼnoda respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tomonidan olib borilayotgan ishlarni taʼkidlash mumkin. Markaz olib borayotgan tadqiqotlar bu sohadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tizimli oʼrganish va tegishli tashkilot va muassasalarga ushbu masalalarni qoʼyishga sabab boʼlyapti. Prezidentimiz alohida gʼamxoʼrlik koʼrsatayotgan “Mahalla” institutining faoliyatini tubdan qayta qurishga qaratilgan saʼy-harakatlari oiladek institut poydevorini mustahkamlashda markaz bilan hamkorlikda ish olib borishidan umid qilish mumkin. Chunki mahalla bilan oilaning hamkorligini taʼminlash, ularning imkoniyatlarini tahlil qilib, ushbu ijtimoiy tuzilma istiqbolida uchrashi mumkin boʼlgan muammolar yechimini topish, oilaning va ayollarimizning azaliy va abadiy maqomiga yot, begona mafkuraviy taʼsirlarga tushib qolmasligining oldini olish nafaqat ijtimoiy, balki siyosiy masalaga ham aylanib bormoqda .

Respublika «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini oʼrganish markazi tomonidan oila mustahkamligining manbaini aniqlash uchun oʼtkazilgan sotsiologik tadqiqot quyidagilarni koʼrsatdi. Bizning oilalarimizda anʼanaviy munosabat, yaʼni otani, erkakni — oila boshligʼi deb tan olish hamon ustuvor ekanligi (62 foiz) maʼlum boʼldi. Soʼrovga jalb etilganlarning uchdan biri, yaʼni 31 foizdan ortigʼi oilada er va xotin oʼrtasida tenglik boʼlishi kerakligini taʼkidlashgan. Bundan chiqadigan xulosa shuki, oilada otaning yetakchilik roli va ona bilan murosada yashashi oilaning barqarorligi garovidir.

Insonda ruh tozaligi, aqliy yetuklik, odob- axloq kabi fazilatlar eru xotin inoq boʼlgan, sogʼlom oilada shakllanishini unutmasligimiz zarur. Shuning uchun oilada bolaga mustaqil fikrlashni oʼrgatishni sotsiologlar muhim deb hisoblaydilar. Bogʼcha yoshida esa uning qiziqishini hisobga olib oʼyinlarga jalb etish, maktabda toʼgʼri taʼlim — tarbiya va qiziqishi yoʼnalishidagi fanlarga va mehnat taʼlimining oʼzi qiziqqan yoʼnalishi boʼyicha oʼqishi hamda amaliyotda qatnashishiga erishish lozim boʼladi.

Mustabid tuzum davrida oilaga, oilaning ziynati boʼlgan ayolga, uning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga eʼtibor berilmadi, bolalar va onalar oʼlimi degan ayanchli statistik koʼrsatkich boʼyicha respublikamiz yetakchi oʼrinni egallab kelgani ham maʼlum. Mustaqillik yillarida onalar va bolalarni sogʼlomlashtirish, ularga maxsus dam olish va davolanish maskanlari barpo etish kabi misli koʼrilmagan darajadagi ishlar amalga oshirilishi natijasida hozirgi paytda aholining tabiiy koʼpayishi, oilalarning mustahkamligi boʼyicha Oʼzbekiston MDH mamlaktlari va jahonda ijobiy koʼrsatkichga erishgan mamlakatlar safidan joy oldi.

Shunga qaramay rivojlanish jarayonida paydo boʼlayotgan yoshlarning xayotiy muammolari, talablarini oʼz vaqtida oʼrganib, tezkor munosabat bildirish, davlat, oila, mahalla eʼtiboridan chetda qolgan yoshlar ahvolini tahlil etib, tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, sotsiologik tadqiqotlar, soʼrovlar oʼtkazish barqarorligini taʼminlash, umuman yoshlar extiyojlarini toʼlaroq oʼrganish dolzarb vazifa boʼlib qolmoqda. Bunda ayollarning, ayniqsa faol ayollarimizning maʼnaviy koʼmagi, har bir yosh oila hayotiga masʼulligi talab etiladi, chunki jamiyat hayoti, undagi barqarorlik va istiqbol insoniyatning ikkinchi yarmi hamda yaratuvchisi boʼlgan onalarga, xotin-qizlarga bevosita bogʼliqdir.

Maʼlumki, yoshlarni maʼnaviy — maʼrifiy jihatdan tarbiyalash ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jihatdan himoya qilish, ish bilan taʼminlash, turli kasblarga yoʼnaltirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni oʼrgatish, qayta kasbiy tayyorgarlikdan oʼtkazish, oʼz qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish, moddiy qoʼllab — quvvatlash ishlari, asosan, maxalla -oila -taʼlim tizimi zimmasiga yuklangan. Yoshlar tomonidan bugun sotsial muammo deb qaralayotgan baʼzi bir holatlarga oʼz vaqtida barham berilsa, oʼz qobiliyatlarini namoyon etishlariga imkon yaratilsa, oilaning mustahkamligi, jamiyatning barkamolligi taʼminlanadi.

Oila jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy asosi, insoniyat resurslarini oʼstirish manbai ekan uning ahamiyati hech qachon pasaymasligi, aksincha tobora yuksalib boraverishi zamon talabidir. Ushbu vazifani anglash va unga ustuvor ahamiyat berish birinchi navbatda sotsiologlarning, qolaversa, butun jamiyatning muhim vazifasidir, chunki oila – jamiyatning asosi boʼlsa, ayol uning chirogʼi va maʼnaviy beshigidir. Zero, “Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yili” Davlat dasturida ham bunga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ilyos Quvondiqov

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali dotsenti, falsafa doktori.