Innovatsion rivojlanish agentligi (Agentlik) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-apreldagi PQ-161-son qaroriga 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 19.1-bandiga muvofiq seysmologiya va seysmik chidamli qurilish sohasida tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar uchun nufuzli xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga (stajirovka) yuborish bo‘yicha alohida maqsadli tanlov e’lon qiladi.

Tanlov g‘oliblari Xitoyning “Tongji University” (Shanghai, THE: 185) va “Beijing Institute of Technology” (Beijing, THE: 300) hamda “Chongqing University” (Chongqing, THE: 350) bir oydan ikki oygacha bo‘lgan muddatda stajirovka o‘taydilar.

Shu munosabat bilan, sohadagi oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar (buyurtmachilar) stajirovka o‘tashga tavsiya qilinuvchi (ehtiyoji mavjud) nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumot (hujjat)larni 1- va 2-ilovalarga muvofiq belgilangan tartibda joriy yilning 10-iyun sanasiga qadar Agentlikka taqdim etishlari mumkin.

Nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumot (hujjat)lar buyurtmachilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan va umumlashtirilgan holda Agentlikning info@ilmiy.uz yoki mininnovation@exat.uz elektron manziliga yuboriladi.

Nomzodlarni tavsiya etish jarayonining xolisligini va taqdim etilayotgan ma’lumot (hujjat)larning to‘liqligi, haqqoniyligi shu bilan birga, tavsiya etilgan nomzodlarni saralash tanlovlarda ishtirokini ta’minlash buyurtmachi rahbari zimmasiga yuklanadi.

Tanlov haqida qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun Agentlik mas’ul xodimlari:

Ilmiy stajirovkalarni va laboratoriya asbob-uskunalari xaridini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Taxirov Sarvarbek Matchanovich, telefon: (71) 203 32 23 (ichki raqam 655), elektron manzil: s.takhirov@ilmiy.uz;

Yetakchi mutaxassis Sultonov Sulaymon Ulug‘bekovich, telefon: (71)  203 32 23 (ichki raqam 657), elektron manzil: s.sultanov@ilmiy.uz.

Ma’lumot o‘rnida: tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumot (hujjat)lar qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun keltirilgan Agentlik xodimlari elektron manziliga yuborilmaydi. Yuborilgan ma’lumot (hujjat)lar ko‘rib chiqilmaydi.