O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidaqaror qabul qildi.
  Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda IT-sanoatni rivojlantirish, aholini yuqori daromadli ish o‘rinlari va zamonaviy kasblar bilan ta’minlash, shuningdek, hududlarga IT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni keng jalb qilishga qaratilgan dastur (Zero Risk) joriy etiladi.
Mahalliy bozor uchun IT-xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyiha (Local to Global) amalga oshiriladi.
Umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasida yuridik shaxs sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda IT-park rezidenti maqomi beriladi.
   Dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga:
a) IT-parkning tavsiyanomasiga asosan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda IT-park filiallarining davlat mulki bo‘lgan bo‘sh binolari va maydonlari (xonalari) bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi.
Bir yil muddat tugagandan so‘ng Dasturda ishtirok etuvchi korxonalar bilan ularga tekin foydalanish huquqi asosida berilgan bino va maydonlar (xonalar) yuzasidan «E-auksion» elektron savdo platformasida bir metr kvadrat maydon uchun tegishli hudud bo‘yicha shakllangan o‘rtacha ijara haqi miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuziladi.
    IT-park tomonidan xarid qilingan yangi kompyuter, boshqa texnika va jihozlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida, keyinchalik ular 3 oylik davrda foizsiz bo‘lib to‘lash (xarid qilish) sharti bilan taqdim etiladi.
Dasturda quyidagi talablardan biriga mos keluvchi IT-park rezidenti maqomiga ega bo‘lgan tashkilotlar ishtirok etadi:
-umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan tashkilotlar;
-amalda 500 ming AQSh dollari va undan yuqori bo‘lgan ekvivalentdagi eksport shartnomasiga ega bo‘lgan tashkilotlar;
-yillik aylanmasi miqdori 1 million AQSh dollari ekvivalenti va undan yuqori bo‘lgan xorijiy kompaniya ta’sischiligida tashkil etilgan yangi tashkilotlar.
    Loyiha doirasida IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarga:
a) eksport rejasini ishlab chiqish, istiqbolli xorijiy bozorlarni aniqlash va ularga chiqish talablarini o‘rgatish, mijozlarni topish, ular bilan muzokaralar olib borish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirish, xizmatlar realizatsiyasidan keyingi bosqichdagi qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini tashkil etish yo‘nalishlarida IT-park tomonidan bepul maslahat (eksport mentoring) xizmatlari ko‘rsatiladi;
b) jahon bozoriga chiqish yo‘nalishidagi xarajatlarning 50 foizgacha qismi quyidagi chegaralangan miqdorlarda qoplab beriladi:
-xorijiy ekspert maslahat xizmatlari uchun 10 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;
-xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalarda ishtirok etish uchun 5 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;
-xorijiy hamkorlar bilan biznes muzokaralar o‘tkazish maqsadida ularning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish uchun amalda eksport qilgan xizmatlari hajmiga mos ravishda 20 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;
-xorijiy mamlakatlarga xizmat safari (transport va mehmonxona xarajatlari) uchun 5 ming AQSh dollari ekvivalentigacha;
v) umumiy xodimlari sonining ko‘pi bilan 50 foizi, lekin bir nafar xodim uchun bir kalendar yilda bir marotaba ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan nufuzli xalqaro platformalar va ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi;
g) xodimlar malakasini oshirish maqsadida «Bir million dasturchi» loyihasi doirasidagi nufuzli xalqaro ta’lim platformalarining eksport yo‘nalishida talab yuqori bo‘lgan onlayn o‘quv kurslarida bepul o‘qitish imkoniyati ta’minlanadi.
   Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining O‘zbekistonning IT-sohadagi salohiyatini jahon bozorida targ‘ib qilish, mamlakatimizga xorijiy kompaniyalarni hamda mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va IT-xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarga buyurtmalarni keng jalb qilish maqsadida:
a) 2024 yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida asosiy faoliyati mahalliy korxonalar uchun IT-xizmatlar bo‘yicha buyurtmalarni jalb qilishga qaratilgan IT-park vakolatxonasi (filiali) faoliyatini yo‘lga qo‘yish:
Bunda, IT-park direksiyasiga mazkur xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalar (filiallar) faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2027 yil 1 yanvarga qadar har bir vakolatxona (filial)ga yiliga 200 ming AQSh dollari ekvivalentigacha moliyalashtirish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat berish;
b) xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda, shu jumladan 2024 yilda AQSh va Germaniyada «O‘zbekiston IT-kunlari» xalqaro tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.