O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH, ISHBILARMONLIK MUHITINI YANADA YAXSHILASH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

Biznes yuritish shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid islohotlarni izchil davom ettirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, ularni zarur moliyaviy va infratuzilmaviy resurslar bilan ta’minlash maqsadida 2021- yil 21- aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5087- son Qarori qabul qilingan.

2021- yil 1- maydan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi qo‘shimcha choralari joriy etildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafillik va kompensatsiyalaridan foydalanish huquqiga egaligi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning 70 foizi kichik biznes loyihalariga, 30 foizi ustuvor ravishda o‘zini o‘zi band qilishga (tomorqadan unumli foydalanish, uy sharoitida hunarmandchilikni va kasanachilikni rivojlantirish) yo‘naltirilsin. Bunda, ajratiladigan mablag‘larning kamida 15 foizi joylarda, ayniqsa shaharlarda xizmat ko‘rsatish sohasida kichik loyihalarni moliyalashtirishga qaratiladi.

2021-yil 1-iyundan boshlab infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali ajratishga ruxsat berildi.

Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi