Hurmatli ustozlar! Aziz talabalar!

Avvalo, Siz azizlarni yurtimizga qutlug‘ qadamlari bilan kirib kelayotgan bahor, yasharish va yangilanish ramzi Navro‘z ayyomi bilan samimiy muborakbod etaman!

Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning oliyjanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha maʼno-mazmunga ega bo‘lib, tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylandi.

Biz har yili Navro‘z ayyomini o‘zgacha orziqish va intizorlik bilan kutib olamiz. Chunki Navro‘z eng qadimiy asl milliy bayram bo‘lib, uni ardoqlab nishonlashimizda o‘ziga xos chuqur maʼno va mazmun bor. Zero, Navro‘z g‘oyalarida ming yillar davomida bezavol saqlanib kelayotgan qadimiy urf-odat va anʼanalar mujassamdir.

Navro‘zda xalqimizning qadimiy urf-odatlari, anʼanalari, umrboqiy qadriyatlari o‘z ifodasini topgan. Mana shunday qutlug‘ bayram kunlari o‘zimizga xos odatga ko‘ra bemorlar, keksalar, nogironlar, yolg‘izlar holidan xabar olish, mehr-muruvvat ko‘rsatish, ko‘cha, hovli va xiyobonlarni tozalash, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini amalga oshiriladi. Men bu kabi xayrli ishlarni amalga oshirishda barchangizga ulkan zafarlar tilayman.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxt-u saodat, qut-baraka olib kelsin. Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, har kunimiz Navro‘z bo‘lsin.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yaniyer filiali direktori, Xakimov Zafar Tulyaganovich.